
Usmar Ismail
Biografiya
Usmar Ismoil (1921-yil 20-mart – 1971-yil 2-yanvar) — indoneziyalik kinoijodkor, prodyuser va ssenariynavis. U Indoneziya kinosining otasi deb eʼtirof etiladi. Indoneziya Milliy kino kuni sanasi (30-mart) Ismoilning uchinchi filmi boʻlgan "Darah dan Doa" (1950) suratga olingan ilk kundan kelib chiqib belgilangan. Uning isteʼdodi Yaponiya madaniyat markazida (Keimin Bunka Sidosho) ishlab yurgan paytlarida yanada yuzaga chiqdi. U yerda Armeyn Peyn va boshqa madaniyat namoyandalari bilan hamkorlikda teatr sahna koʻrinishlarini namoyish etgan. 1943-yilda Abu Hanifa, Rosixon Anvar, Kornel Simanjuntak, Sudjoyono, X.B. Yassin va boshqalar bilan birgalikda "Maya" (Sandiwara Penggemar Maya) teatr guruhiga asos solgan va unga rahbarlik qilgan. Mustaqillik eʼlon qilingach, Usmar harbiy xizmatni oʻtadi va Jakartada jurnalistika bilan faol shugʻullana boshladi. Gollandlar ittifoqchilar bilan qaytib kelganida, u Yogyakarta shahrida mayor unvoni bilan Indoneziya milliy armiyasiga (TNI) qoʻshildi. U hamkasblari Sjamsuddin Sutan Makmur va Rinto Alwi bilan birgalikda "Rakyat" gazetasiga asos solgan. Muharrirlik va jurnalistika sohasida Usmar "Harian Patriot" gazetasi asoschilari va muharrirlari biri, Yogyakartadagi "Arena" (1948) hamda Jakartadagi "Gelanggang" (1966–1967) oylik jurnallari muharriri boʻlgan. Shuningdek, u 1946–1947-yillarda Indoneziya jurnalistlar uyushmasiga raislik qilgan. Jurnalistm sifatida faoliyat yuritgan davrida Usmar hukumatga qarshi faoliyatda ayblanib, gollandlar tomonidan qamoqqa olingan.

