
Sezen Aksu
Biografiya
Sezen Aksu — butun dunyo bo‘ylab 40 milliondan ortiq albomi sotilgan turk pop-musiqasi xonandasi, qo‘shiq muallifi va produseri. Unga "Turk popining malikasi" va Minik Serçe ("Kichkina chumchuq") kabi laqablar berishgan. Sezen Aksuning turk pop va jahon musiqa san'atiga ta'siri 1975-yildagi debyutidan beri davom etib kelmoqda. U Sertab Erener, Sebnem Ferah, Askin Nur Yengi, Hande Yener va Levent Yüksel kabi ko‘plab boshqa sozanda hamda xonandalar bilan hamkorlik qilib, ularga homiylik qilgan. Tarkan bilan hamkorlikda yaratilgan "Simarik" va "Sıkıldım" kabi taronalari qit'alararo hitga aylangan bo‘lsa, Goran Bregovic bilan ijodiy ishlari uning xalqaro auditoriyasini kengaytirdi. 80-yillarda Aksu produser Onno Tunç bilan ham ishqiy, ham ijodiy munosabatda bo‘lgan. Ular birgalikda turk pop-musiqasida tub burilish yasagan Sen Aglama, Git, Sezen Aksu'88 va Sezen Aksu Söylüyor kabi albomlarni taqdim etishgan. Uning musiqasi 90-yillarda yanada sayqallanib, Tunç bilan birgalikda o‘zining eng ko‘p sotilgan "Gülümse" albomini yaratdi. Albobdagi Hadi Bakalim nomli trek Turkiya va Yevropada hitga aylanib, Germaniyada alohida singl sifatida chiqarildi. Keyinchalik bu taronani yevropop xonandasi Loona "Rhythm of the Night" nomi ostida qaytadan ommalashtirdi. Shuningdek, u o‘z vokalistlari uchun ham albomlar chiqara boshladi, xususan, Tunç bilan birgalikda Askin Nur Yengi debyut albomi Sevgiliye'ni produserlik qildi. Keyinchalik bu muvaffaqiyatni Sertap Erener va Levent Yüksel kabi san'atkorlar bilan ham takrorladi. 2005-yilda u Fatih Akinning "Crossing the Bridge: The Sound of Istanbul" nomli hujjatli filmida suratga tushdi.
