
Michèle Torr
Biografiya
Michèle Torr (asl ismi Michelle Cléberte Tort, 1947-yil 7-aprelda tugʻilgan) — fransuz qoʻshiqchisi va yozuvchisi. Fransiyadan tashqarida asosan 1966-yilda Lyuksemburg va 1977-yilda Monako sharafidan "Evrovidenie" qoʻshiq tanlovida qatnashgani bilan tanilgan. Voklyuz departamentining Pertui shahrida tugʻilgan Torr oʻzining ilk qoʻshiqchilik tanlovida 1962-yilda, 15 yoshida gʻolib chiqqan. Oʻshanda u Avinyonda oʻtkazilgan "On Chante dans mon Quartier" tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. Yosh Michèle oʻzining aktrisalarga xos jozibasi va Édith Piafning "Exodus" qoʻshigʻini mahorat bilan ijro etib, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan. Oʻsha yili Mirey Matyo Maria Kandidoning "Les cloches de Lisbonne" qoʻshigʻi bilan ikkinchi oʻrinni egallagan. 1963-yilda esa 16 yoshli Michèle Mercury studiyasi bilan ovoz yozish shartnomasini imzolagan va Parijdagi Olympia sahnasida Jak Brelning chiqishidan oldin sahnaga chiqqan. 1964-yilda radiolar va gramofonlar uchun moʻljallangan toʻrtta qoʻshiqdan iborat uchta mini-albom chiqargan. Uning 1964-yilda chop etilgan "Dans mes bras, oublie ta peine" nomli tarona katta muvofaqqiyat qozondi. Keyingi yillarda chiqarilgan fransuzcha taronalar hamda britan va amerika xitlarining kaver-versiyalari turlicha kutib olindi. Bu esa Torrning 60-yillardagi oʻz yoʻnalishini izlab topish davridagi ijodiy muhitini belgilab berdi. Mercury bilan tuzilgan shartnoma 1972-yilda oʻz nihoyasiga yetdi. 1966-yilda Torr "Evrovidenie"ning oʻn birinchi tanlovida Lyuksemburg nomidan "Ce soir je t'attendais" qoʻshigʻini kuylash uchun taklif etildi. Tanlov qoidalariga koʻra ishtirokchi oʻzi vakillik qilayotgan mamlakat fuqarosi boʻlishi shart emas edi; darhaqiqat, Lyuksemburg oʻz vakili sifatida mahalliy fuqarolarni juda kamdan-kam hollarda tanlagan.

