
Hunter Schafer
Biografiya
Hunter Schafer (1998-yil 31-dekabrda tugʻilgan) — amerikalik aktrisa, model va transgenderlar huquqlari faoli. New-Jersey shtatining Trenton shahrida tugʻilib, Shimoliy Karolinaning Raleigh shahrida ulgʻaygan. U bolaligida jinsini oʻzgartirgan. 2016-yilda Shimoliy Karolinaning transgenderlarga oʻzlarining genderiga mos jamoat hojatxonalaridan foydalanishni taqiqlovchi "Public Facilities Privacy & Security Act" qonuniga qarshi sud da'vosida qatnashib, jamoatchilik e'tiboriga tushdi. Faolligi uchun 2017-yilda Teen Vogue jurnalining "21 Under 21" roʻyxatiga kiritilgan. Schafer akvarelda rasm chizish va kiyim dizaynini oʻrgangan. 2017-yildan boshlab turli brendlar uchun model sifatida faoliyat yuritdi. U dastlab kiyim dizayni yoʻnalishida oʻqishni davom ettirish uchun san'at kollejiga kirishni rejalashtirgan edi, biroq HBO telekanalining "Euphoria" (2019–2026) oʻsmirlar dramasiga qabul qilingach, aktrisalikka oʻtishga qaror qildi. Uning transgender oʻquvchi qiz Jules Vaughn roli hamda serial epizodlaridan biriga ssenariy muallifi sifatida hissasi qoʻshgani unga tanqidchilar olqishini olib keldi. Shundan soʻng Schafer "The Hunger Games: The Ballad of Songbirds & Snakes" (2023) va "Cuckoo" (2024) filmlarida bosh rollarni ijro etdi, shuningdek, "Kinds of Kindness" (2024) hamda yaponiyaning "Belle" (2021) filmining inglizcha dublyajida kichik epizodlarda koʻrinish berdi. Aktrisalik bilan bir qatorda modellik faoliyatini ham davom ettirib, Shiseido Makeup, Prada va Mugler brendlarining elchisi boʻlgan.



