
Frederica
Biografiya
Frederica 1982 yil 6 fevralda tug‘ilgan indoneziyalik kino prodyuser. U 2010 yilda HB Naveen bilan birgalikda Falcon Pictures kompaniyasiga asos solgan. Uning prodyuser sifatidagi ilk ishi "Milli & Nathan" (2011) filmi bo‘lgan. Shu vaqtgacha Frederica 50 dan ortiq filmlarni ishlab chiqargan. Film ishlab chiqarishdan tashqari, u va Falcon Pictures kinodistributsiya bilan shug‘ullanib, mualliflik huquqlarini qo‘lga kiritgan va klassik indoneziya filmlarini qayta tiklagan. Dastlab Erika reklama yo‘nalishida o‘qigani uchun kino sanoatidan yiroq edi. 2004 yilda o‘qishni tamomlagach, u o‘z faoliyatini Bhakti Media (keyinchalik MNC Corp deb o‘zgartirilgan) reklama agentligida account-menejer sifatida boshlagan. U televideniye reklamalarini yaratish jarayoniga mas'ul bo‘lib, mahsulotlar vizual ijodiyoti sir-asrorlarini shu yerda o‘rgangan. Biroq bu ish unga yetarlicha qiyin va qiziqarli tuyulmagan. Reklama sohasida ishlayotganda u atigi 30 soniyali vizual mahsulotlar bilan cheklanib qolayotgandi. Shu bois u o‘zini TV prodyuser sifatida yanada murakkabroq yo‘nalishda sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan. Bir yil o‘tgach, u MNC media guruhiga qarashli Cross Media International (hozirgi MNC Digital Entertainment) kompaniyasiga o‘tgan. Erika u yerda xalqaro formatdagi "Fear Factor", "30 Seconds to Fame" va "Joe Millionaire" kabi ko‘rsatuvlarga prodyuserlik qilgan. Keyinchalik Erika kino olamiga kirib keldi. U o‘sha paytda Bhakti Media direktori bo‘lgan HB Naveen bilan uchrashdi. 2010 yilda Naveen va Erika Bhakti Mediani tark etib, Falcon Pictures studiyasiga asos solishdi.
