
David Lynch
Biografiya
Devid Kit Linch (1946-yil 20-yanvar – 2025-yil 16-yanvar) — amerikalik kinorejissyor, rassom, musiqachi va aktyor. Linch surrealistik va tushga o'xshash uslublari bilan ajralib turuvchi filmlari uchun tanqidchilar olqishiga sazovor bo'lgan. 58 yillik karyerasi davomida u ko'plab mukofotlar, jumladan, 2006-yilda "Oltin sher" hayotiy yutuq mukofoti va 2019-yilda faxriy "Oskar" mukofoti bilan taqdirlangan. 2007-yilda The Guardian gazetasi tanqidchilar kengashi: "Barcha muhokamalardan so'ng, Devid Linch zamonamizning eng muhim kinoijodkori degan xulosaga hech kim e'tiroz bildira olmadi", deb e'lon qilgan. Lynch qisqa metrajli filmlar suratga olishni boshlashdan oldin rassomlikni o'rgangan. Uning ilk to'liq metrajli filmi surrealistik janrdagi "O'chirgich bosh" (1977) mustaqil filmi bo'lib, tungi namoyishlarda muvaffaqiyat qozongan. U "Fil odam" (1980) biografik dramasi, shuningdek, "Moviy baxmal" (1986) va "Mulxolland Drayv" (2001) sirli-detektiv filmlari uchun "Eng yaxshi rejissyor" nominatsiyasida Akademiya mukofotiga nomzod bo'lgan. Uning "Yovvoyi yurak" (1990) romantik kriminal dramasi Kann kinofestivalining "Oltin palma yaprog'i" mukofotini qo'lga kiritdi. U shuningdek, "Dyuna" (1984) kosmik operasi, "Yo'qolgan shosse" (1997) surrealistik neo-nuar, "Oddiy tarix" (1999) biografik dramasi va "Ichki imperiya" (2006) eksperimental filmlarini suratga olgan. Lynch va Mark Frost ABC telekanalining "Tvin Piks" (1990–91) serialini yaratishgan bo'lib, bu loyiha uchun Lynch ikkita "Primetime Emmy" mukofotiga nomzod bo'lgan.











