
Anis Don Demina
Biografiya
Anis Don Demina (asl ismi Anis Don Dhahir, 1993-yil 25-aprelda Sundsvall shahrida tug‘ilgan) — shved xonandasi, qo‘shiqnavis, musiqachi, DJ, reper va YouTuber. U Jordbro shahrida belaruslik ona Marina va iroqlik ota Razak oilasida voyaga yetgan. 14 yoshida «Sajjk» taxallusi bilan rep yo‘nalishida ijod qilib, fristayl janglarida qatnashgan. 18 yoshidan boshlab DJ va musiqiy prodyuser sifatida Dubay va Londondagi nufuzli klublarda faoliyat yuritgan. 2017-yil avgustida Warner Music Group bilan shartnoma imzolagan. Melodifestivalen 2018 tanlovida ishtirok etib, «Shuffla» qo‘shig‘ida saksofon chalgan. «On My Mind», «Wasted» va «Sucker For Love» kabi taronalari bilan tanilgan; 2019-yil noyabrida «Wasted» va «Sucker For Love» qo‘shiqlari uchun ikkita «oltin disk»ni qo‘lga kiritgan.
